«Yuksalish» umummilliy harakati 2019-yilda tashkil etilgan. Tashkilotga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov rahbarlik qiladi. Harakat davlat islohotlarining borishini jamoatchilik asosida monitoring qilish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ichimlik suvi taqchilligi mavjud aholi punktlarini suv bilan ta’minlash, shuningdek, boshqa muhim ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunda tashkilot 110 mingdan ortiq a’zoni birlashtiradi.
Muzokaralarning alohida mavzularidan biri 2027-yil mart oyida «Yuksalish» harakati delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rejalashtirilayotgan tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida Vatan Global Alliance bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi, AQShdagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlari belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrifga qadar tomonlar tashkiliy masalalar va kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladigan maxsus konsepsiya ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. «Yuksalish» vakillari, shuningdek, Vatan Global Alliance faoliyatini O‘zbekiston jamoatchiligi orasida kengroq yoritishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bo‘lib o‘tgan muloqot Vatan Global Alliance’ning O‘zbekistondagi yetakchi jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bunday hamkorlik AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida xalq diplomatiyasini rivojlantirish, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash va o‘zbek hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni hayotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Vatan Global Alliance vatandoshlarni birlashtirish, xalqaro muloqotni rivojlantirish va O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi global platformani shakllantirishda davom etmoqda.