Tadbirlar davomida ishtirokchilarga Samarqand viloyatining investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati taqdim etildi. Turizm, sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari, milliy hunarmandchilik buyumlari va hudud oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Biznes dasturi doirasida AQSh biznes vakillari va potensial investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlar yakunida mehmonxona sanoati, ta’lim, IT, oziq-ovqat sanoati, logistika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan dastlabki kelishuvlar va bitimlar imzolandi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘ldi. Vatandoshlar viloyat rahbariyati bilan biznes yuritish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yer uchastkalarini olish, davlat organlari bilan hamkorlik qilish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini bevosita muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayrim murojaatlar uchrashuv davomida ko‘rib chiqildi, boshqa masalalar bo‘yicha esa mas’ul tuzilmalarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ishtirokchilar xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari va hududiy hokimiyat vakillari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan bunday tadbirlarning muhimligini ta’kidladilar. Ularning fikricha, bunday uchrashuvlar hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish va vatandoshlarning Samarqand viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi ishtirokini kengaytirishga yordam beradi.
Tadbirlarni tashkil etishda VATAN Global Alliance, AQShdagi o‘zbek diasporasi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarining ko‘magi muhim rol o‘ynadi.