Hamkorlikka ochiqlik
Vatan Florida AQShning Florida va boshqa shtatlarida faoliyat yuritayotgan barcha vatandoshlar birlashmalari, jamoat tashkilotlari hamda tashabbuskor guruhlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Vatan Global Alliance ko‘p yillardan buyon o‘zbek diasporasi manfaatlari yo‘lida faoliyat olib borayotgan, vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayotgan hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga hissa qo‘shayotgan tashkilotlar va faollarning mehnatini yuksak qadrlaydi.
Yangi birlashma faoliyati o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlik tamoyillariga asoslanadi. Umumiy maqsad — vatandoshlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, kuch va imkoniyatlarni birlashtirib, jamiyat uchun foydali loyihalarni amalga oshirishdir. Har bir hamyurtimiz, qaysi shahar yoki shtatda yashashidan qat’i nazar, o‘zini katta va ahil hamjamiyatning bir qismi sifatida his qilishi muhim.
Vatan bilan rishtalarni mustahkamlash
Vatan Florida faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat bo‘ladi.
Qo‘shma tashabbuslar oilalarning ona Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash, farzandlarni xalqimiz tarixi, urf-odatlari va milliy an’analari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, vatandoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Vatan Global Alliance yangi birlashma vatandoshlarimiz uchun muloqot, o‘zaro yordam va hamkorlik maydoniga aylanishiga, uning faoliyati nafaqat Floridada, balki boshqa hududlardagi o‘zbek hamjamiyatlariga ham manfaat keltirishiga ishonch bildiradi.
Yangi raisga tabrik va ezgu tilaklar
Vatan Global Alliance rahbariyati Dilshod Sattarovni yangi lavozimga tayinlangani munosabati bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, donolik va mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi. Oldinda vatandoshlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish kabi muhim vazifalar turibdi.
Bu sa’y-harakatlarning mustahkam poydevori — mushtarak ildizlarimiz, tariximiz, milliy qadriyatlarimiz va O‘zbekistonga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatimizdir.
Dunyoning qayerida yashamaylik, bizni Vatanga bo‘lgan muhabbat birlashtiradi. Birgalikda yanada ko‘proq ezgu ishlarni amalga oshira olamiz!