Marosim O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi, respublikaning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi hamda Vatan Global Alliance jamoat birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirda AQSh davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari, jamoat arboblari, o‘zbek diasporasi a’zolari hamda Filadelfiya shahri aholisi ishtirok etdi.
Qabul qilingan deklaratsiyada O‘zbekistonning jahon tarixidagi alohida o‘rni va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi ta’kidlangan. Xususan, asrlar davomida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab savdo, ilm-fan va madaniyatning muhim markazlari bo‘lib kelgan qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Hujjatda o‘zbek xalqining betakror urf-odatlari, me’moriy merosi, milliy hunarmandchiligi va madaniy yutuqlari ham alohida e’tirof etilgan. Shuningdek, Filadelfiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning shahar ijtimoiy va madaniy hayotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholangan.
O‘tkazilgan tantanali marosim O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi gumanitar hamda madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir ifodasi bo‘ldi. Bunday tashabbuslar xorijda milliy an’analarni asrab-avaylash, vatandoshlar o‘rtasidagi hamjihatlikni kuchaytirish va ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston–Amerika madaniy merosi kunining rasman e’tirof etilishi jamoatchilik diplomatiyasini yanada rivojlantirish, AQShdagi o‘zbek diasporasi bilan aloqalarni mustahkamlash hamda amerikaliklarning O‘zbekiston tarixi, madaniyati va bugungi hayotiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.