Murojaat vatandoshlarning Filadelfiya va Nyu-Yorkdagi uchrashuvlaridan so‘ng tayyorlandi. Ushbu uchrashuvlarda «Millat shavkati» kitobining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirларда o‘zbek diasporasi vakillari, jamoat arboblari va faollar ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar, mamlakatning xalqaro aloqalari rivoji, shuningdek, xorijda yashayotgan vatandoshlarning o‘rni muhokama qilindi. Biznes, investitsiyalar, ta’lim, madaniyat va tajriba almashinuvi sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Vatandoshlar o‘z murojaatlarida o‘zbek diasporasi bilan tarixiy Vatan o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, xorijda ulg‘aygan yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlarni keng targ‘ib etish muhimligini ham ta’kidladilar.
Prezident maktubining olinishi munosabati bilan «Vatan Global Alliance» jamiyati raisi Ozod Soliyev quyidagicha fikr bildirdi:
«Mamlakatimiz rahbari, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan ushbu maktubni olish — nafaqat men uchun, balki xorijda yashayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ulkan sharafdir. Bu ishonch bizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi va Vatanimiz ravnaqi hamda xalqimiz birligi yo‘lida xizmat qilishga ruhlantiradi».
«Vatan Global Alliance» jamiyati AQSh va Kanadada yashayotgan vatandoshlarni birlashtirish, jamoatchilik va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatini davom ettirmoqda.