Tadbirning asosiy maqsadi fuqarolarni O‘zbekiston notariat tizimining zamonaviy imkoniyatlari haqida xabardor qilish, shuningdek, xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar duch kelayotgan dolzarb huquqiy masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga mamlakat notariat tizimining raqamli xizmat ko‘rsatish modeliga o‘tayotgani, notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi sezilarli darajada soddalashtirilgani, e-notarius.uz internet portali, “Notarius maslahati” Telegram kanali faoliyati hamda O‘zbekistonga kelmasdan turib qator notarial xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishonchnomalarni rasmiylashtirish, meros, hadya shartnomalari, vasiyatnomalar, mulkka oid hujjatlar va boshqa notarial tartib-taomillarga alohida e’tibor qaratildi. Muloqot ochiq dialog shaklida o‘tkazilgani ishtirokchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar va mutaxassislardan amaliy tavsiyalar olish imkonini berdi.
Vatandoshlar O‘zbekistonda notariat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, raqamli xizmatlarning rivojlanishi, xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi va aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish borasidagi izchil ishlarni ta’kidladilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etildi. Uchrashuv davomida konsullik xodimlari Botirjon Eminjonov va Nodir Shamaxsudov ham konsullik hisobiga turish, pasport va guvohnomalarni rasmiylashtirish, pensiya to‘lovlarini saqlab qolish, O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olish, fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish hamda boshqa dolzarb konsullik masalalari bo‘yicha maslahatlar berdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar xorijdagi vatandoshlarni kundalik hayotda yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha imkon qadar to‘liq va dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida turli soha mutaxassislari ishtirokidagi shu kabi tadbirlarni kelgusida ham o‘tkazishga qiziqish bildirdilar.
Rasmiy qism yakunlangach, delegatsiya Hamroqulovlar oilasiga tegishli yaqinda ochilgan ASR supermarketiga tashrif buyurdi. Mehmonlar yangi savdo obyektining faoliyati bilan tanishib, uning rahbariyati va xodimlari bilan suhbatlashdilar hamda tadbirkorlarning Filadelfiyadagi o‘zbek hamjamiyatini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdilar.