Yangi markaz vatandoshlar uchrashadigan, madaniy va jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan, milliy an’analarni asrab-avaylaydigan hamda o‘zbek diasporasi vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydigan maskanga aylanadi. Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini o‘rnatish, shuningdek, mehmonlarni boy o‘zbek oshxonasi, mehmondo‘stlik madaniyati va ko‘p asrlik an’analar bilan tanishtiradigan milliy choyxonalarni ochish rejalashtirilgan.
Mahalla guzar nafaqat madaniy, balki jamoat markaziga aylanishi kutilmoqda. Bu yerda milliy bayramlar, diaspora vakillari bilan uchrashuvlar, ta’limiy tadbirlar, shuningdek, AQShda yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Prezident xorijda yashayotgan vatandoshlarning Xalqaro o‘zbeklar kunini ta’sis etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Yangi sana qayerda yashashidan qat’i nazar, o‘zbek xalqining birdamligi ramziga aylanishi, milliy o‘zlikni asrash va butun dunyodagi o‘zbekistonliklar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov ma’lum qilganidek, mahalla markazini tashkil etish va Xalqaro o‘zbeklar kunini ta’sis etish g‘oyasi o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan ilgari surilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari bugungi kunda ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini ta’kidlagan.
AQShda mahalla guzarining tashkil etilishi xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, madaniy diplomatiyani kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Loyiha, shuningdek, milliy an’analarni asrash, yangi avlod o‘zbekistonliklarining tarixiy Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.