Taqdimotlar davomida Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat hayotidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilarining munosabati esa xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarning mamlakatdagi jarayonlarga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Ularning fikricha, geografik masofa va okean ortida yashash vatandoshlarning O‘zbekiston bilan ma’naviy va insoniy aloqalarini uzolmaydi.
Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar yangi bosqichdaMurojaatda O‘zbekistonning xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga munosabati so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘zgargani alohida qayd etilgan. Avvalroq AQSh va Kanadada yashovchi o‘zbekistonliklar uchun Vatanga borish, yaqinlari bilan uchrashish va O‘zbekiston bilan muntazam aloqada bo‘lishda turli qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan.
Bugungi kunda esa bu boradagi imkoniyatlar kengayib bormoqda. Ochiqlik va xalqparvarlik siyosati natijasida xorijdagi vatandoshlar bilan muloqot qilish, ularning fikr va takliflarini tinglash, O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash hamda bilim va tajribasidan mamlakat taraqqiyotida foydalanish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Murojaat mualliflari, shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar rivojini ijobiy baholagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan bevosita muloqotlari, oliy darajadagi uchrashuv va telefon suhbatlari, shuningdek, AQSh hukumati, Kongressi va biznes vakillari bilan rivojlanib borayotgan aloqalar O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortishiga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
Vatandoshlar — O‘zbekiston va dunyo o‘rtasidagi ko‘prikMurojaatda xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar zimmasidagi mas’uliyatga ham alohida urg‘u berilgan. Vatandoshlar fikricha, xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar mamlakatda sodir bo‘layotgan jarayonlarni kuzatibgina qolmasdan, yashayotgan davlatlarida O‘zbekistonning munosib vakili bo‘lishi kerak. Bunda mamlakatning tarixi, madaniyati, qadriyatlari va bugungi taraqqiyoti haqida xalqaro jamoatchilikka to‘g‘ri va keng ma’lumot yetkazish, O‘zbekiston manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda turli mamlakatlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhim vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.
Ana shu maqsadlar yo‘lida
«Vatan Global Alliance» jamiyati AQSh va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirish, ularning intellektual, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini umumiy tashabbuslar atrofida jamlash hamda O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada kuchaytirish ustida ish olib bormoqda. Tashkilot AQSh Kongressi a’zolari, jumladan, kongressmenlar Brayan Fitspatrik va Brendon Boyl, shtat va shaharlar darajasidagi davlat hamda jamoat arboblari, gubernator va merlar idoralari, biznes vakillari, shuningdek, turli millat va jamoalar vakillari bilan aloqalarni rivojlantirishga intilmoqda.
Murojaat mualliflari O‘zbekiston haqida AQSh, Kanada va boshqa davlatlarda yanada ko‘proq ma’lumot tarqalishini istashlarini bildirgan. Ular mamlakatning boy tarixi va madaniyati, xalqimizning milliy qadriyatlari, bugungi iqtisodiy imkoniyatlari va taraqqiyot yo‘lidagi yutuqlarini xalqaro jamoatchilikka kengroq tanishtirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, amerikalik tadbirkor va investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar, bilim va tajribalarni mamlakatga olib kirish, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish hamda xorijda voyaga yetayotgan yosh avlodning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan.
«Vataning obro‘si — bizning obro‘yimiz»«Millat shavkati» kitobining AQShdagi taqdimotlari xorijda yashayotgan vatandoshlar qalbida O‘zbekiston bilan bog‘liqlik va mamlakatdagi yangilanishlarga qiziqish kuchli ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Murojaatda bu tuyg‘u quyidagi fikr bilan ifodalangan:
«Vataning obro‘si — bizning obro‘yimiz».Vatandoshlar O‘zbekistonning har bir yutug‘ini o‘zlarining ham yutug‘i sifatida qabul qilishlarini, mamlakat bayrog‘ining xalqaro maydonda baland ko‘tarilishi esa ular uchun faxr va iftixor ekanini ta’kidlagan. Ular O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shish, mavjud bilim va tajriba, imkoniyat hamda aloqalaridan Vatan ravnaqi yo‘lida foydalanishga tayyor ekanliklarini bildirgan. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish istagini ma’lum qilgan.
Murojaat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatida muvaffaqiyat, mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat va oilaviy xotirjamlik tilaklari bildirilgan.
Mustaqillikning 35 yilligi bilan tabrikMurojaatning yakuniy qismida vatandoshlar Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda uning timsolida butun O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etgan. Ular mustaqillikni xalqimizning eng katta qadriyatlaridan biri, milliy g‘ururimiz va kelajak taraqqiyotimizning muhim asosi sifatida e’tirof etgan.
Bugungi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotgani, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va kelajakka bo‘lgan ishonch mustaqillikning naqadar muhim tarixiy ne’mat ekanini ko‘rsatayotgani qayd etilgan.
Vatandoshlar O‘zbekistonda tinchlik va farovonlik, xalqimizga osoyishtalik, mamlakatimiz mustaqilligiga abadiylik hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei yanada yuksalishini tilagan.
Murojaat AQSh va Kanadadagi vatandoshlar nomidan quyidagi vakillar tomonidan imzolangan:
- Ozod Soliyev — «Vatan Global Alliance» jamiyati raisi;
- Ezro Malakov — O‘zbekiston xalq artisti;
- Muhabbat Shamaeva — O‘zbekiston xalq artisti;
- Sadullo Ahmedov — «Vatan Filadelfiya» jamiyati raisi;
- Baxtiyor Qodirov — «Vatan Nyu-York» jamiyati raisi.
Murojaatni
AQShda istiqomat qilayotgan 500 nafar vatandosh qo‘llab-quvvatlab, imzolagan.